O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizm sohasida hamkorlik kengaytiriladi
12:42 28.02.2025 (yangilandi: 12:59 28.02.2025)
© Sputnik / Baxrom XatamovMemorialniy kompleks Baxauddina Nakshbandi

© Sputnik / Baxrom Xatamov
Obuna bo‘lish
Mehmet Nuri Ersoy O‘zbekiston tomonidan bildirilgan barcha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
TOShKENT, 28 fev — Sputnik. Anqarada O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida turizm sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan Kelishuv va Harakatlar rejasi imzolandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjatlarga O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy imzo chekishdi.
© Ministerstvo ekologii Mejdu Uzbekistanom i Tursiyey podpisani Soglashenie i Plan deystviy v sfere turizma

Mejdu Uzbekistanom i Tursiyey podpisani Soglashenie i Plan deystviy v sfere turizma
© Ministerstvo ekologii
Uchrashuvda Abduhakimov oxirgi yillarda ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan turizm sohasida katta yutuqlarga erishilayotganligini, sayyohlar oqimi yildan-yilga ortib borayotganligini ta’kidladi. Ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish muhim ekanligi ta’kidlandi.
“Biz bugungi mavjud yo‘nalishlarni kengaytirgan holda O‘zbekistonning turizm maskanlarini Turkiyaning yirik turizm markazlari — Izmir, Mugla, Fethie, Alaniya, Adana, Bursa kabilar bilan loukosterlarni jalb qilgan holda o‘zaro bog‘lamoqchimiz. Imkoniyatlarni to‘liq ishga solish uchun aviareyslarni 3 baravar oshirish zarur. Shuningdek, har bir tomonga kamida bir million nafardan turistlarni olib kelishni ko‘zda tutadigan “Million+million” dasturini ishga tushirishni taklif qilamiz”, - dedi Abduhakimov.
Uchrashuvda quyidagi takliflar ilgari surildi:
turizm maskanlarini bog‘laydigan aviaqatnovlarni ko‘paytirish;
O‘zbekistonda Turkiyaning va Turkiyada O‘zbekistonning turizm salohiyatini yanada kengroq targ‘ib qilish;
Moturidiy, Naqshbandiy va Buxoriy tariqatlari izdoshlarining Turkiya markaziy va sharqiy provinsiyalarida istiqomat qiladigan yirik jamoalarini (umumiy 3 mln atrofida) O‘zbekistonga kengroq jalb etish, muzeylar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, madaniy tadbirlarni ko‘paytirish;
“Turk qardoshlar” dasturini amalga oshirish, davlatlar tarixini o‘zaro chuqurroq o‘rganish, hamkorlikda kino asarlari yaratish;
O‘zbekistonda jadal rivojlanib borayotgan turizm yo‘nalishlari – ekoturizm, ekstremal turizm, ziyorat turizmiga bag‘ishlangan tematik ko‘rgazmalar, foto-ko‘rgazmalar tashkil qilish;
turkiyalik sayyohlarning Buxorodagi 7 ta Pir ziyoratgohlariga sayohatlarini yo‘lga qo‘yish;
Turkiya muzeylarida O‘zbekiston muzey eksponatlari burchaklarini yaratish;
Turkiyaning yirik san’at dargohlari, park va bog‘larida O‘zbekiston tomonidan YuNESKO nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan baxshichilik, maqom san’ati va lazgi raqsi namoyishlari, madaniy festivallar va “open-air” tadbirlarini o‘tkazish;
turkiyaliklar uchun ularning talab va istaklariga mos turistik mahsulotlar yaratish maqsadida turoperatorlar, restoratorlar, turizm infrastrukturasiga sarmoya kiritadigan kompaniyalarni O‘zbekistonga jalb qilish;
aeroportlarda, mehmonxona, kafe va restoranlarda turk tilida ko‘rsatkich belgilarini o‘rnatish, menyular yaratish, turk turistlariga moslashtirilgan marshrut, ekskursiya va turlar hamda davlatlar kulinariyasini birlashtirgan restoranlar tashkil qilish;
turizmning turli sohalari bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish.
Mehmet Nuri Ersoy O‘zbekiston tomonidan bildirilgan barcha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
© Ministerstvo ekologii Mejdu Uzbekistanom i Tursiyey podpisani Soglashenie i Plan deystviy v sfere turizma

Mejdu Uzbekistanom i Tursiyey podpisani Soglashenie i Plan deystviy v sfere turizma
© Ministerstvo ekologii
“O‘zbekiston tarixiy va madaniy boyliklari bilan dunyodagi eng muhim sayyohlik yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi betakror shaharlar nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo madaniy merosida muhim o‘rin tutadi. Bundan tashqari, o‘zbek taomlari, an’anaviy hunarmandchilik va mehmondo‘stlik kabi noyob tajribalar O‘zbekistonning turizm sohasidagi jozibadorligini yanada oshirmoqda”, - dedi Mehmet Nuri Ersoy.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Turkiya bilan hamkorlikda 12 ta mehmonxona va turistik obyektlar mavjud. Shuningdek, O‘zbekistonda turkiyalik hamkorlar bilan birgalikda 100 tadan ortiq restoran tashkil qilingan.
2025-2026 yillarda esa turk sarmoyasi ko‘magida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida umumiy 167,9 mln dollarlik 11 ta mehmonxona loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.